O‘zbekistonning "Arslon" harbiy texnikasi Rossiyanikidan zo‘rmi? Rossiya matbuoti Toshkentning Moskva bilan ittifoqchiligiga urg‘u berdi

O‘zbekiston Arslon bronetransportyorini seriyali ishlab chiqarmoqchi

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston Arslon bronetransportyorini seriyali ishlab chiqarmoqchi
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Xalqaro mudofaa sohasidagi nashrlar O‘zbekistonning Arslon bronetransportyori va mahalliy mudofaa sanoatini rivojlantirishini muhim bosqich sifatida baholadi. Ayni paytda Rossiya nashrlari Lavrov va Saidov uchrashuvini Moskva–Toshkent strategik sherikligining tasdig‘i sifatida yoritmoqda.

O‘zbekiston zirhli texnikalari mudofaa nashrlarida e’tirof etildi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zirhli transport vositalari davlat sinovlaridan o‘tkazilib, ularni seriyali ishlab chiqarishga tayyorgarlik boshlangan.

O‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi maxsus texnika ishlab chiqaruvchi korxonasiga borgan.

Krantas brendi ostida maxsus transport vositalari, harbiy texnika va uskunalar ishlab chiqaradigan korxonada prezidentga Arslon 6x6 va 8x8 zirhli mashinalari, 155 mm kalibrli To'fon o‘zyurar artilleriya tizimi hamda modernizatsiya qilingan T-64 tanki namoyish qilingan.

Korxona asoschilaridan biri Akmal Karimovning aytishicha, O‘zbekistonda zirhli texnikalar ishlab chiqarish besh yil avval boshlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi model — Tarlon zirhli avtomobili bo‘lgan. Bu texnika Qurolli kuchlar, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi uchun ishlab chiqarilgan hamda Yevropa komponentlari asosida yig‘ilgan.

"Mashinaning konstruktsiyasi, dizayni va chizmalari o‘zimizdagi konstruktorlik byurosi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqildi. Bu texnika xorijiy brendlar litsenziyasi asosida yoki chetdan sotib olingan loyiha asosida ishlab chiqarilmagan. Loyiha o‘zbek muhandislari tomonidan noldan yaratilgan", — degan Akmal Karimov.

Uning aytishicha, keyinchalik korxona shaharlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan Qalqon-1 va Qalqon-2 zirhli avtomobillarini ham ishlab chiqargan.

Arslon modellari haqida gapirar ekan, Karimov ular uchun chizmalar tayyorlangani va mashinalar ishlab chiqarilganini bildirdi.

Karimov korxonada ularni konveyer liniyasida seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun tayyorgarlik ishlari ketayotganini ta’kidlagan.

Gazeta.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Arslon 8x8 uch nafar ekipaj a’zosi va sakkiz nafar harbiyni tashishga mo‘ljallangan. U 30 mm avtomatik to‘p va 7,62 mm pulemyot bilan jihozlangan.

Ushbu texnika AQShning Cummins dvigateli va Allison avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.

Rasmiy
Bu tashrif O‘zbekiston o‘zining milliy mudofaa sanoatini amalda noldan barpo etayotganini ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida baholanmoqda.
Defence blog nashri
Batafsil: BBC.COM/UZBEK
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Arslon 8x8 og‘irligi 33 tonna bo‘lib, 600 ot kuchiga ega dvigateli uni soatiga 105 kilometr tezlikka chiqaradi. U bir marta yoqilg‘i quyish bilan 600–700 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.

Gazeta.uz uning himoya darajasi NATO yengil zirhli texnikalar standarti bo‘yicha 6-darajaga teng ekanini yozdi. Mashina 14,5 mm og‘ir pulemyot o‘qlari va 30 mm snaryadlarga qarshi himoyalangan, tag qismi esa 10 kilogramm trotilga teng portlashga chidamli qilib ishlangan.

Ushbu 950 ot kuchiga ega dizel dvigatel o‘rnatilganidan keyin tank soatiga 50 kilometr tezlikda harakat qila oladi va bir marta yoqilg‘i quyish bilan 500 kilometr masofani bosib o‘tadi.

Mudofaa va xavfsizlikka ixtisoslashgan Defence Blog nashri O‘zbekistonning ushbu qadamini milliy mudofaa sanoati rivojlanishining belgisi sifatida baholagan:

"O‘zbekiston prezidenti besh yil avval deyarli mavjud bo‘lmagan zavodda ishlab chiqarilayotgan bronetransportyorlar, o‘zyurar gaubitsa va modernizatsiya qilingan sovet davri tankini ko‘zdan kechirdi. Bu tashrif mamlakat o‘zining milliy mudofaa sanoatini amalda noldan barpo etayotganini ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida baholanmoqda", deb yozadi nashr.

Defence Blog ga ko‘ra, Arslon bronetransportyorlari, o‘zyurar gaubitsa va boshqa yangi namunalarning paydo bo‘lishi O‘zbekistonning import texnika xaridoridan mahalliy harbiy mahsulot ishlab chiqaruvchi davlatga aylanishga intilayotganini namoyon etmoqda.

Nashr bu jarayonni milliy mudofaa sanoati bazasini noldan qurish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida baholaydi.

Ukrainaning Defence-UA harbiy tahlil portali sarlavhaning o‘zidayoq ancha qattiq baho bergan:

"Rossiyaning BTR-82 mashinasidan ustun: O‘zbekiston NATO standartlariga mos yangi "Arslon" bronetransportyorini taqdim etdi".

Nashr xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston taqdim etgan Arslon 8×8 bronetransportyori sovet davridan qolgan BTR kontseptsiyasidan ancha ilg‘or platforma sifatida ko‘rilmoqda.

Nashr mashina NATO standartlari asosida yaratilgani, kuchliroq himoya tizimi va zamonaviy jihozlanishi bilan Rossiyaning BTR-82 modeliga nisbatan ustun ko‘rinishini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, bu loyiha O‘zbekistonning o‘z harbiy sanoatini mustaqil rivojlantirishga o‘tayotgani va mahalliy mudofaa sanoati salohiyati o‘sib borayotganining belgisi sifatida baholangan.

O‘zbekiston va Rossiya strategik hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildi

Lavrov va Saidov

Surat manbasi, Rasmiy

O‘zbekiston harbiy texnika ishlab chiqarishni dunyoga namoyon qilgan bir vaqtda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy hamda xalqaro masalalar bo‘yicha muvofiqlashuv haqida muzokara o‘tkazdi.

Podrobno.uz ning xabar berishicha, uchrashuv Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashi doirasida Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan.

Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va mintaqaviy hamda xalqaro kun tartibidagi masalalarni muhokama qilgan.

Baxtiyor Saidov uchrashuv "iliq va do‘stona muhitda" o‘tganini aytgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Podrobno.uz ma’lum qilishicha, vazirlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga sodiq ekanini tasdiqlagan.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish va madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilingan.

Rossiya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlarining Cho‘lpon -Otadagi uchrashuvini kuzatgan Rossiya nashrlari asosan uni ikki davlat munosabatlaridagi barqarorlik signali sifatida baholamoqda.

"Lavrov va Saidov Rossiya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik yo‘nalishini tasdiqladi", deb tag-sarlavha qo‘ygan Vzglyad gazetasi.