Wildberries omborlariga hujumlar O‘zbekistonga qanday ta’sir qildi?

    • Author, Alibek Beyjanov
    • Role, BBC O‘zbek, Toshkent
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiyaning eng yirik onlayn-savdo platformalaridan biri hisoblangan Wildberries kompaniyasining omborlariga o‘tgan hafta davomida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan bir necha marta dron hujumlari uyushtirildi. Moskva viloyatidagi Elektrostal, Tambov viloyatidagi Kotovsk, Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Rossiya anneksiya qilgan Qrimning Simferopol shahridagi logistika markazlari zarbaga uchradi. Hujumlar nafaqat rossiyalik tadbirkorlar, balki platformadan foydalanadigan markaziy osiyoliklar, xususan o‘zbekistonliklarga ham ta’sir qilmay qolmadi.

Wildberries O‘zbekistonda

Wildberries Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda, shuningdek, Xitoyda faoliyat yuritadi. Kompaniya 2022 yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida platformada o‘zbekistonlik sotuvchilarning savdo hajmi 1 milliard AQSh dollaridan oshgan, O‘zbekiston mahsulotlarining Rossiyaga eksporti esa 63 foizga ko‘paygan. Kompaniya, shuningdek, Toshkent viloyatida logistika markazini qurish uchun 150 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishini e’lon qilgan.

2024 yilga kelib, Wildberries O‘zbekiston bo‘ylab 110 ta yetkazib berish nuqtalari borligini ma’lum qilgan, keyinchalik esa kompaniya shunday punktlarni ochayotgan tadbirkorlar uchun bir martalik subsidiya ajrata boshladi. Ya’ni yangi punkt ochgan tadbirkorlarga 28,29 million so‘mdan subsidiya to‘landi.

Wildberries'ning O‘zbekistondagi biznesi kengayib bordi, masalan, o‘tgan yili kompaniya O‘zbekiston pochtasidagi davlat ulushini sotib oldi, bu esa jamoatchilik orasida keng muhokama qilindi.

Shuningdek, 2025 yilda Wildberries'ning yangi biznesi O‘zbekistonda ro‘yxatga olindi. Bu WB Taxi xizmati bo‘lib, u 500 ming so‘m ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Korxona ta’sischilari – Wildberries shu’basi WB Int Eksport (99%) va "RVB" MChJ (1%).

Hujumlarning O‘zbekistonga ta’siri

BBC bilan gaplashgan Wildberries'ning O‘zbekistondagi punktlaridan birining vakili Rossiyadan tovarlar odatda 10–14 kun ichida yetib kelishi, shundan kelib chiqib, hujumlaning ta’siri keyinroq sezilishi mumkinligini aytdi.

"Hozirning o‘zida ham ayrim buyurtmalar bekor bo‘lyapti. Shunday bekor qilinadigan buyurtmalar soni biroz ko‘payishi mumkin", dedi u.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi esa BBC'ga "vazirlik Wildberries kompaniyasi vakillari bilan doimiy aloqada bo‘lib, Rossiyadagi kompaniyaning logistika ob’ektlarida yuz bergan hodisa bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan kuzatib borayotgani"ni ma’lum qildi.

"Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hodisa O‘zbekistondan bo‘lgan bir necha sotuvchiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Hozirda ularga kompaniya bilan hamkorlik qilish hamda yuzaga kelgan masalalarni hal etish jarayonida zarur ko‘mak ko‘rsatilmoqda", deyiladi vazirlikning BBC'ga yo‘llagan izohida.

Shuningdek, rasmiylar ushbu hodisa oqibatida O‘zbekistonning kichik va o‘rta biznes vakillari zarar ko‘rmaganini qo‘shimcha qilib, "Wildberries kompaniyasi bilan hodisaning barcha holatlarini aniqlashtirish hamda o‘zbekistonlik sotuvchilarning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilayotgani"ni bildirdi.

Qirg‘iz rasmiylari ham oyoqqa turgan

"Kabar" davlat axborot agentligiga ko‘ra, Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vaziri Bakit Sidikov Wildberries'ning Qirg‘izistondagi vakili bilan uchrashib, Rossiyadagi logistika omborlariga uyushtirilgan dron hujumlarining qirg‘iz tadbirkorlariga ta’sirini muhokama qilgan.

Wildberries vakillari so‘zlariga ko‘ra, hozirda omborlarga yetkazilgan zarar miqyosi aniqlanmoqda hamda saqlanayotgan mahsulotlar, jumladan, qirg‘iz tadbirkorlari ishlab chiqargan mahsulotlar inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.

Xabarda aytilishicha, zararlarni baholash ishlari yakunlanib, Wildberries tomonidan tegishli ma’lumotlar taqdim etilgach, shuningdek, Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi tahlillaridan so‘ng, yuzaga kelgan muammolarni hal qilish va qo‘shma yechimlar ishlab chiqish uchun tomonlar qo‘shimcha ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Rossiyadagi migrantlar va tadbirkorlar vakillarining aytishicha, Wildberries omborlarida minglab markaziy osiyoliklar, jumladan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari mehnat qiladi.

Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Elektrostal shahrida ko‘plab qirg‘iz fuqarolari ishlab kelgan. Hujumdan keyin ayrim fuqarolar yong‘in oqibatida hujjatlarini yo‘qotgani haqida elchixonaga murojaat qilgan.

Qirg‘iz rasmiylari halok bo‘lganlar orasida mamlakat fuqarolari yo‘qligini bildirgan. Shu bilan birga, bir qirg‘izistonlik fuqaro jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.

Wildberries bilan besh yildan beri ishlab kelayotgan qirg‘izistonlik tadbirkor Ahmadillo Maripjonov ham BBC O‘zbek bilan suhbatda katta yo‘qotishlar haqida gapirdi.

"Mening o‘zimga va men xizmat ko‘rsatadigan akkauntlarga tegishli tovarlardan taxminan yetti ming dollarlik mahsulot yonib ketdi. Sotuv qiymatida hisoblasak, bu qariyb 18 ming dollar bo‘ladi", deydi u.

Uning aytishicha, o‘zi bilgan holatlar ichida birgina sport kiyimlaridan iborat partiyaning tannarxi 600 ming dollarga teng bo‘lgan.

"Tanishlarimdan biri 50 ming dollarlik, yana biri 130 ming dollarlik mahsulot yo‘qotganini aytdi. Yana bir tadbirkor esa bir yarim million dollarlik tovarlari bo‘lganini aytmoqda", deydi Maripjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yongan omborlarda o‘zbekistonliklarga tegishli mahsulotlar ham bo‘lgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Qonuniy harbiy nishon"

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Wildberries omborlarini "qonuniy harbiy nishon" deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu omborlarda dronlar uchun butlovchi qismlar va Rossiya armiyasiga tegishli jihozlar ham saqlanadi.

Wildberries saytida haqiqatan ham bronejiletlar, optik tola mahsulotlari, FPV-dronlar uchun yuk tashlash qurilmalari va boshqa aniq harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tovarlarga oid o‘n minglab takliflarni topish mumkin, biroq onlayn-marketpleys dron hujumlaridan so‘ng, «SVO uchun» degan qidiruv so‘rovi bo‘yicha mahsulotlarni ko‘rsatmay qo‘ydi.

Avval bunday so‘rov orqali (SVO – «maxsus harbiy operatsiya»; Rossiya hukumati tarafdorlari Ukrainadagi urushni shunday ataydi) bronejiletlar va jangovar dronlar uchun ehtiyot qismlarni topish mumkin edi. Bu o‘zgarishni birinchi bo‘lib Ukrainadagi Telegram-kanallar payqagan.

Shu bilan birga, harbiy maqsadga mo‘ljallangan tovarlar sotuvda qolmoqda. BBC Rus xizmati «bronejilet» so‘rovi orqali «broneko‘ylak» toifasida «taktik bronejilet» yoki «shturm bronejileti» kabi tavsiflarga ega 5 mingdan ortiq tovarni topdi.

Wildberries'da harbiylar uchun mo‘ljallangan tovarlar sotilishi kompaniyaning taqsimot markazlarini qonuniy harbiy nishon deb hisoblash tarafdorlari keltirayotgan asoslardan biriga aylangan.

Bu tovarlarning kimlar uchun mo‘ljallanganini ayrim sotuvchilarning nomlari ham ko‘rsatib turganday... Masalan, "AlyansZ" yoki "VoinZ".

Shu bilan birga, urush qonunlari bo‘yicha mutaxassislar orasida bunday hujumlarning qonuniyligi yuzasidan yagona fikr mavjud emas.