Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
G‘arbliklar nega o‘zbeklardek cho‘kkalab o‘tirishni o‘rganishmoqchi?
- Author, Esther Kahumbi
- Role, BBC Global Health
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
O‘zbeklar va butun Osiyo hamda Sharqiy Yevropa xalqlari uchun cho‘kkalab o‘tirish - kundalik hayotning bir qismi.
Toshkent, Tokio, Kobul yo Pekinda shundoq yo‘l chetida cho‘kkalagancha gaplashib turgan yoshlarni, bozorlar yo vokzallarda cho‘kkalab o‘tirgan keksalarni uchratish hayratlanarli holat emas.
Zotan Osiyoning aksar davlatlarida hovlilar yoki jamoat joylaridagi hojatxonalar cho‘kkalab hojat chiqarishga mo‘ljallangan.
Rossiya va qator Sharqiy Yevropa davlatlarida ham kanalizatsiya bormagan hududlarda hojatxonalar cho‘kkalashga mo‘ljallangan.
Ammo g‘arbliklar uchun bu hayratlanarli voqelik.
Aksar amerikalik va yevropaliklar uchun cho‘kkalash - uddalab bo‘lmaydigan ish.
Osiyocha cho‘kkalab o‘tiradigan hojatxonalar 2008 yilgi Pekin Olimpiadasi oldidan cho‘kkalay olmaydigan g‘arbliklarning norozilik va shikoyatlariga sabab bo‘lgan.
Xitoy o‘shanda hojatxonalarda g‘arbcha unitaz-tuvaklar o‘rnatgandi.
Mutaxassislar har doim cho‘kkalaydigan hojatxonalarning sog‘likka foydasini aytib kelishgan.
Lekin endilikda hojatxonalardan boshqa joylarda ham cho‘kkalab o‘tirish sog‘lik uchun foydali ekanligi ta’kidlanmoqda.
Osiyocha cho‘kkalashning foydasi nima?
So‘nggi oylarda Osiyo davlatlariga borgach, cho‘kkalashga uringan sayyohlarning videolari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Lekin ularning ko‘pchiligi chalqanchasiga yoki yon tarafga yiqilib tushadi, ayrimlari muvozanat uchun jon-jahdi bilan nimanidir ushlashga intiladi.
Bu borada tayyorlangan lavha ham bor.
Mutaxassislarning aytishicha, yoshimiz o‘tgan sayin tanamizning erkin harakatlanish qobiliyatini saqlab qolish uchun ham cho‘kkalash muhim.
Xo‘sh, nega ayrimlar bemalol cho‘kkalaydi va boshqalar buni eplolmaydi?
Cho‘kkalash - tanamizning eng muhim harakatlaridan biri.
"Cho‘kkalamasdan hech narsa qilolmaysiz" - deydi AQShlik professor Kristofer Pauers - "Mashinada o‘tirasiz yo avtomobildan tushasiz, hojatga borasiz, egilib, yerdan nimanidir olasiz".
To‘g‘ri trenajyorlik zallarida cho‘kkalash talab etiladigan mashqlar ko‘p va aksariyat ularni uddalaydi.
Osiyocha cho‘kkalash yoki to‘liq cho‘kkalash esa butunlay farqli.
Bunda tizzalar to‘liq bukiladi va oldinga chiqadi, oyoqlar ikki tarafga qarab yoziladi, ko‘krak tik tutiladi, son orqa tarafi esa to‘pig‘ingizga tegib turadi.
Odamlarning tana harakatlarini yaxshilash uchun cho‘kkalashdan ham foydalanadigan mutaxassis Mat Syu "Osiyocha cho‘kkalash" degan tushunchani biroz yanglish, deb biladi.
"Afrikaliklar ham uni bizniki deyishadi... Slavyan davlatlarida, Sharqiy Yevropada har kim cho‘kkalashni o‘zlariniki, deb hisoblashi mumkin. Bu cho‘kkalash - hammaning cho‘kkalashi".
To‘liq yoki chuqur cho‘kkalash son, tizza va to‘piq qismlaridan ko‘proq harakat talab qiladi. Oddiy cho‘kkalashda bu qadar ko‘p tana qismlarida harakatni his qilmaysiz.
Cho‘kkalash nafaqat tana harakatlanishi va qayishqoqligini oshiradi, balki tana orqa (umurtqa) qismidagi og‘riqlarni kamaytiradi va hayotimiz davomida jismonan mustaqil bo‘lishimizga yordam beradi.
Bolalar osongina cho‘kkalay olishadi.
Ammo ulg‘ayish barobarida tanamizda kechadigan o‘zgarishlar to‘liq cho‘kkalash qobiliyatini yo‘qotishimizga olib keladi.
Sababi - qanday o‘tirishimizga bog‘liq hayot tarzimiz.
Kursida o‘tiramiz, mashina haydaymiz, unitaz-tuvakli hojatxonadan foydalanamiz. Xullas, kundalik hayotda cho‘kkalab o‘tirish ehtiyoji kamayadi.
"Ishlatmasang, unutasan" - deydi Professor Pauers.
Osiyoliklar nega to‘liq cho‘kkalay oladi?
O‘zbekiston, Xitoy yo Yaponiyada ham odamlar mashina haydaydi, kursida o‘tirib ishlaydi yo unitazli hojatxonaga boradi.
Ammo ko‘pchilik uyda hamon yerda o‘tiradi. Yaponiyada yerda o‘tirishga mo‘ljallangan restoranlar bor.
O‘zbeklar ham, asosan, ko‘rpachada o‘tirishadi. Bugun O‘zbekistondagi qator restoranlar xontaxta atrofida o‘tiradigan maxsus burchaklar bor.
O‘zbekiston, umuman, Osiyoning aksar mamlakatlarida hojatxonalar hamon cho‘kkalashga muo‘ljallangan.
Odamlar uyga oyoq kiyimini yechib kiradi va egilib yerga yo ko‘rpachaga o‘tiradi.
Mat Syu yosh yigitligida jarohat olgach, cho‘kkalay olmay qolgan. Ammo bu harakatning qanchalik muhimligini bilgani uchun, uzoq muddat mashq qilib, yana to‘liq cho‘kkalay olish qobiliyatini tiklaydi.
Osiyoliklar qanday cho‘kkalaydi?
Ammo odam yoshi o‘tgan sayin cho‘kkalashga qiynaladi. Umurtqa, sonlar va to‘piq qismlar harakatlanishi cheklanadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, har qanday cho‘kkalash foydali. Ammo to‘liq cho‘kkalashning ham chegarasi bor.
Tizza, son va orqa umurtqa qismida muammolari bo‘lgan insonlarning cho‘kkalashi qiyin.
Shu sababli odamlarning tanasiga yo olgan jarohatlariga qarab, qanday cho‘kkalash maslahat beriladi.
Ayrim mutaxassislar fikricha, asosiy masala insonning cho‘kkalay olish qobiliyati emas, balki qanchalik mustaqil harakatlana olishidir.
Har kuni cho‘kkalaydigan odamlar uzoq muddatni ko‘zda tutganda, undan qanday manfaat ko‘rishlari o‘rganilmagan.
Mat Syu esa, asosiy gap zamonaviy hayot tarzimiz tufayli unutilayozgan muhim tana harakatini tiklashda, deb biladi.
"O‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, siz tanangizni boshqarib, o‘rningizdan qalqib tura olishingiz, og‘irlik kuchini nazorat qila bilishingiz kerak".